Ziyorat turizmi bo‘yicha assotsiatsiya tashkil etiladi

Чоп этилган: 03.11.2017 Ўқилган: 107

2017 yil 2 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida ziyorat turizmini tashkil etish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni jadallashlatirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O'MI Xayriya jamg'armasi va yurtimizdagi eng yetakchi sayyohlik firmalar ishtirokida ishchi yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minovarov ochib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgust kungi «2018-2019 yillarda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinishi davlatimiz tomonidan turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, turizm sohasini jadal rivojlantirish uchun qulay muhitni shakllantirgan holda yurtimizga keladigan sayyohlar oqimini ko‘paytirish yo‘nalishida ziyorat turizmi tashkil etilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, musulmon davlatlari, ayniqsa, Malayziya, Indoneziya kabi mamlakatlardan O‘zbekistondagi muqaddas qadamjolarga sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha ishlar jadal ketayotganini alohida qayd etdi. Sh.Minovarov so‘zida davom etib, bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi. Jumladan, mamlakatimizda ziyorat turizmi assotsiatsiya tashkil etish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlanganini bildirdi.
Majlis ishtirokchilari yig‘ilishda so‘zga chiqib, ziyorat turizmi bo‘yicha gidlarni qayta tayyorlash, ma’lumotnoma kitobchalarining yangi tahririni nashr etish, tarqatma materiallar, bukletlar, bannerlar, slaydlar tayyorlash, muborak qadamjolarni ziyorat etish odoblarini ishlab chiqish, aeroport va viza berish xizmatlarini yengillashtirish hamda xorijiy hamkorlar, elchixonalar bilan aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Shuningdek, ziyorat turizmi bo‘yicha xorij davlatlari tajribasini o‘rganish, chet el mamlakatlarida tashkil etilayotgan sayyohlik ko‘rgazmalarida qatnashish va reklama tadbirlarini samarali tashkil etish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

manba: religions.uz