Sayyohlarga jamoat joylarida erkin tasvirga olishlariga ruxsat beriladi

Чоп этилган: 08.02.2018 Ўқилган: 1910

Sayyohlarga jamoat joylarida cheklovlarsiz foto va video tasvirga olishga ruxsat beriladi. Tasvirga olish taqiqlangan ob’ektlarga maxsus belgilar qo‘yiladi.

O‘zbekistonda turistlar tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining «Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida so‘z boradi.

Ro‘yxati qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan hamda barcha turdagi suratga olishlar taqiqlanganligi haqidagi tegishli ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan ob’ektlar mustasno qilinadi.

«Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu kabi ob’ektlar ro‘yxati Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilib, ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan.

Prezident qarorida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi hamda «O‘zbekkino» milliy agentligining buyurtmanomalariga ko‘ra xorijiy ijodiy guruhlarga respublikaning turizm salohiyati to‘g‘risidagi foto va videomateriallarni tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini, jumladan, dronlarni O‘zbekiston hududiga vaqtincha olib kirish va ulardan foydalanish uchun ruxsatnomalarni berish tartibini ko‘zda tutadigan Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

 gazeta.uz